Parallel import va begona brendning tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi: Golden Maple ishi

LOYAL Legal Advisory o‘z mijozi — «Ozod2020» MChJ importchisi foydasiga 1-10-2026/222-sonli insofsiz raqobatga oid ish bo‘yicha monopoliyaga qarshi organning qaroriga erishdi.
Nizoning mazmuni
«Ozod2020» 2020-yil dekabr oyidan buyon Kanadada ishlab chiqarilgan original Golden Maple sosiskalarini O‘zbekistonga import qilib keladi. 2023-yilda boshqa mahalliy kompaniya — «Falcon Capital» MChJ — «Golden Maple» belgisini o‘z tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan (MGU 50436-sonli guvohnoma, Tovar va xizmatlar xalqaro tasnifining 29-sinfi). «Falcon Capital» ushbu sosiskalarning ishlab chiqaruvchisi emas.
Shundan so‘ng «Falcon Capital» tovar belgisini bojxona reyestriga kiritgan va bojxona organlari «Ozod2020»ning tovar partiyalarini chiqarishni to‘xtatib turgan. Bir necha yil davomida original mahsulotni qonuniy ravishda olib kirgan importchi amalda bozordan siqib chiqarilgan.
Bu ish odatiy parallel import nizosidan nimasi bilan farq qiladi
Odatda parallel importga chet ellik huquq egasining o‘zi yoki uning rasmiy distribyutori qarshi chiqadi. Bunday vaziyatda nizo tovar belgisiga bo‘lgan huquqning tugashi masalasiga borib taqaladi.
Bu ishda esa chet ellik ishlab chiqaruvchi hech qanday e’tiroz bildirmagan. Mahalliy kompaniya boshqa shaxsga tegishli brendni o‘z nomiga tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazib, keyin guvohnomadan ayni original mahsulotni import qilayotgan raqobatchiga qarshi vosita sifatida foydalangan. Tovar belgisiga bo‘lgan rasmiy huquq nuqtayi nazaridan «Falcon Capital»ning pozitsiyasi kuchli ko‘ringan. Biroq vaziyatga raqobat qonunchiligi nuqtayi nazaridan ham baho berish zarur edi.
Qo‘mitaning qarori
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi 2026-yil 30-sentabrda «Falcon Capital» «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun 21-moddasi birinchi qismining birinchi va yettinchi xatboshilarini buzgan deb topdi. Ushbu normalar insofsiz raqobatni, raqobatchining bozorga kirishiga to‘sqinlik qilishni yoki uni bozordan siqib chiqarishni taqiqlaydi.
Qo‘mita «Falcon Capital» o‘z Golden Maple mahsulotlarini ishlab chiqarish va ichki bozorda sotish faoliyatini tasdiqlamaganini inobatga oldi. Natijada kompaniyaga huquqbuzarlikni to‘xtatish haqida ko‘rsatma berildi. Shuningdek, huquqbuzarlik davrida Golden Maple mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan tushumning 2 foizi miqdorida jarima qo‘llash tavsiya etildi.
Amaliy xulosa
Tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uning egasiga raqobatchilar faoliyatini cheklash bo‘yicha cheksiz huquq bermaydi. Agar boshqa shaxsga tegishli brend tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, guvohnomadan original mahsulotni bozorga kiritmaslik uchun foydalanilsa, monopoliyaga qarshi organ bunday harakatlarni insofsiz raqobat deb baholashi mumkin. Importchilar uchun bu tovar belgisining ro‘yxatdan o‘tkazilishini nizolash bilan bir qatorda muhim himoya vositasidir.
LOYAL Legal Advisory — Korporativ huquq | Soliq | Intellektual mulk
info@uzloyal.uz | www.uzloyal.uz


